ALBATROSSIMONLAR (Diomedeidae) — boʻronqushlar turkumining bir oilasi. Tanasining uz. 85—140 sm, qanotlari ingichka, yoyilganda 3,6 m ga yetadi. Havoda qanot qoqmasdan uzoq vaqt ucha oladi, suvda yaxshi suzadi. Havoga toʻlqinlar choʻqqisidan yoki qiyadan koʻtariladi. Jan. yarim shar dengizlarida tarqalgan, ayrim turlari Tinch okeanining shim. qismiga (Uzoq Sharq dengizlariga) ham oʻtadi. Albatrossimonlar monogam, gala-gala boʻlib uchib yuradi. Koʻpayish davrida koloniya hosil qiladi. Okeanlarning odam yashamaydigan orollarida uya quradi, uyaga bittadan tuxum qoʻyadi. Albatrossimonlar 5—10 yoshda voyaga yetadi. Baliq, boshoyoqli mollyuskalar b-n oziqlanadi. Albatrossimonlarning 2 uruqqa mansub boʻlgan 13 turi maʼlum. Oq yelkali Albatrossimonlar (Diomedea albatrus) Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.