ALMAT

ALMAT — RFning Tatariston Respublikasidagi shahar (1953-y. dan). Zay daryosi (Kama irmogʻi)ning chap sohilida. Minnibayevo t. y. stansiyasidan 18 km shim.-sharqda. Chistopol, Bugulma va b. shaharlar bilan avtomobil yoʻli orqali bogʻlangan. Aholisi 133 ming kishi (1992). 1950-y. da neft koni yaqinida shaharcha sifatida paydo boʻlgan. Almat — Tataristondagi neft sanoatining muhim markazi. Neft va gaz qazib olinadi. Neft qazib chiqarish sanoati uchun mashina va jihozlar ishlab chiqariladi. Gazni qayta ishlash, shina tuzatish, avtotraktor tuzatish, temir-beton konstruksiyalari, yogʻochsozlik, gʻisht z-dlari, drama teatri bor. A. yirik neft quvurining boshlangʻich punkti.