ALLIGATORLAR

ALLIGATORLAR (Alligator) — timsohlar turkumining bir urugʻi. Ikki turi: Missisipi va Xitoy A. bor. Missisipi Alligatorlar yoki choʻrtan A. (A. missisipiensis) Shim. Amerikaning janubi-sharqida tarqalgan, boʻyi 4,6 m ga yaqin, oldingi oyoq barmoqlari orasida suzgich pardasi bor. Xitoy A. (A. sinensis) Yanszi daryosining quyi oqimida tarqalgan, boʻyi 2,5 m ga yaqin. Alligatorlarning asosiy ozigʻi baliq, odamga hujum qilmaydi. May oxiri va iyun boshida urchiydi. Urgʻochisi 20— 60 dona tuxum qoʻyadi. Alligatorlar 85 y. gacha umr koʻradi. Bir vaqtda A. Shim. Amerikada koʻp edi. Terisi uchun koʻplab ovlanganidan hozir kamayib ketgan. Alligatorlarning oshlangan terisidan sumka, chamadon, egar qoplamasi kabi buyumlar tayyorlanadi. Ikkala tur ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. AQSH va Kubada Missisipi Alligatorlar maxsus fermalarda boqiladi.