ALLEGORIYA

ALLEGORIYA (yun. allegoria — oʻzgacha ifodalash, kinoya, qochirim) — badiiy tasvir, obrazlilik turi; mavhum tushuncha yoki gʻoyalarni muayyan narsa, voqea va hodisa orqali ifodalash. Mac, «toʻti» soʻzining «gapdon», «bulbul» soʻzining «yaxshi qoʻshiq aytuvchi» maʼno ifodalari boʻlsa, «boʻri», «tulki» soʻzlaridan «yomonlik», «yovuzlik», «ayyorlik»ni ifodalovchi salbiy maʼnolarda foydalaniladi. Soʻz bilan obraz oʻrtasidagi aloqa oʻxshashlik yoki uygʻunlikka asoslanadi (mas, qalb—sevgi). Sharq adabiyoti, oʻrta asrlar (Uygʻonish davri) Gʻarb adabiyotida barokko, klassitsizm ruhidagi sanʼatda Allegoriya vositasida yaratilgan obrazlar koʻplab uchraydi (mas, adliya sohasida «adolat» tarozu koʻtarib turgan ayol shaklida ifodalanadi).

Allegoriya masal va ertaklarning ayrim turlarida keng qoʻllaniladi (yana q. Majoz).