ALLE

ALLE (Allais) Moris (1911) — fransuz iqtisodchisi, iqtisodiy nazariyadagi neoliberal yoʻnalish vakili, prof. (1944). 1954-y. dan Ilmiy tadqiqotlar milliy markazida ilmiy xodim. Iqtisodiyotda davlat tomonidan dasturlashtirishni xususiy korxonalarning raqobati bilan birga qoʻshib olib borishga asoslangan «raqobatli rejalashtirish» gʻoyasi asoschisi. Alle davlatning iqtisodiyotga haddan ortiq aralashuviga qarshi chiqadi. Bu hol, uning fikricha, ijtimoiy vositalarni behuda sarflash, erkinliklarni cheklash va b. salbiy oqibatlarga olib keladi. Ikkinchi tomondan, u cheklanmagan raqobat erkinligi tamoyilini amalta oshirishga ham qarshi chiqadi, chunki bu tamoyil monopoliyalarning paydo boʻlishi, soʻngra ularning hukmronligiga olib keladi. «Raqobatli rejalashtirish» gʻoyasi esa muvozanat vazifasini bajarishi mumkin. Ilmiy ishlari bozorlar nazariyasi, moddiy resurslardan samarali foydalanish va b. masalalarga bagʻishlangan. Nobel mukofoti laureati (1988).