ALLA — 1) bolani uxlatish jarayonida yakkaxonlik uslubida aytiladigan qoʻshiq. Oʻzbek, uygʻur va tojik xalqlari orasida Alla nomi bilan yuritiladi. Odatda oddiy kuylar b-n, baʼzida rechitativ tarzda, beshik yoki belanchakni tebratish surʼatiga mos ravishda ijro etiladi. Matni, asosan, toʻrtlik; ijro uslubi erkin, badihagoʻy. A. onaning bolaga boʻlgan mehr-muhabbati, umid va orzulari, yaxshi niyat va tilaklarini anglatish b-n birga ruhiy kechinmalarini ham ifodalaydi. Shu bois baʼzi Alla namunalari yigʻi ohanglariga yaqin boʻladi;
2) beshik toʻyi jarayonida beshikni olib kirayotgan ayollar tomonidan aytiladigan qoʻshiq. Ijro xususiyatlari bayramona marosim kayfiyatiga mos; tantanavor doira usuli joʻrligida kuylanishi mumkin; 3) Oʻzbekistonning baʼzi hududlarida Alla nomi bilan aytiladigan marosim qoʻshiqlari. Mac, Buxoro viloyati Olot va Qorakoʻl tumanlari hamda Xorazmda dafn marosimi jarayonida navbat bilan ayollar (yoki maxsus chaqirilgan allachigoʻyanda, xalfa) tomonidan badiha uslubida aytiladigan qoʻshiq va b. Ayrim taxminlarga koʻra, Alla nomi «Alloh» soʻzidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni oʻz panohida asrashni iltijo qilishga nisbat bilan bogʻliq. Anʼanaviy Alla xususiyatlaridan oʻzbek bastakorlari (T. Jalilov, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov) va kompozitorlari (A. Muhamedov, Ik. Akbarov, S. Yudakov) ijodiy foydalanishgan.
Ad: Alaviya M., Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari, T., 1974; Romanovskaya Ye., Stati i dokladы. Zapisi muzыkalnogo folklora, T., 1959; Tursunov N., Buxoro udumlari, T., 1994.
R. Choriyev