ALIFBE — dastlabki savod beradigan oʻquv qoʻllanmasi. Alifbe bosma, yozma harflar va ular ifodalaydigan nutq tovushlari, ularning yozilishini oʻzlashtirish, sodda boʻgʻin va soʻzlarni qoʻshib oʻqishga oʻrganish va oʻqilayotgan narsani toʻgʻri tushunish hamda sodda soʻz va gaplarni yozishga oʻrganishga yordam beradi. Maktabxonalarda Alifbe boʻlmagan. Uning oʻrniga savod oʻrganish uchun maxsus taxta qoʻllanilgan. Taxtaning bir tomoniga tartib bilan arab harflari, ikkinchi tomoniga esa abjad yozilgan. Talabalar harflarni batamom yod olgandan soʻng abjadxonlikka va haftiyakxonlikka oʻtar edilar. Bu usul asosan 1900-y. gacha davom etgan. Turkiston sarus-tuzem maktablarining hamda yangi usuldagi maktablarning paydo boʻlishi bilan Alifbe darsligi yuzaga keldi. 1902-y. da rus-tuzem maktablarining oʻzbek sinflari uchun birinchi oʻzbek Alifbesi — «Ustodi avval» nashr etildi. Bu A. ning muallifi Saidrasul Saidazizov. Kitob 1917-y. gacha 17-marta nashr etilgan. Shu yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning «Adibi avval» (oʻzbek maktablari uchun birinchi Alifbe), Mulla Rustambek ibn Yusufbekning «Taʼlimi avval», P. Bidanovning «Sullami avval», A. Avloniyning «Birinchi muallim», A. Ibodiyevning «Tahsil ul-alifbo», M. Faxriddinovning «Rahbari avval» kabi Alifbelar nashr qilingan. Keyinchalik Shokirjon Rahimiy yaratgan «Sovgʻa» darsligi nashr qilingan. Shuningdek, M. Qodirov va b. ning «Kattalarga oʻqish» (1920), F. Ergʻoziyev va A. Yoʻldoshevning «Alifbe» (1936) kitoblari bosilib chiqqan. 1938-y. dan O. Sharafiddinov tuzgan Alifbe nashr qilindi; mazkur Alifbe Abdullayeva hammuallifligida qayta ishlanib nashr etildi va oʻzbek maktablarida oʻquv qoʻllanmasi vazifasini bajardi. OʻzR Oliy Kengashining 1993-y. 2 sent. da «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy qilish toʻgʻrisida» Qonuni qabul qilingach, bir qancha Alifbelar tayyorlandi. Xususan, 1996—97 y. larda O. Sharafiddinov, Q. Abdullayeva va b. ning «Alifbe» («Shodlik»), T. Gʻafforova, E. Shodmonov, R. Eshturdiyevaning «Alifbe» («Savod»), katta yoshdagilar uchun Y. Abdullayevning «Hamrohim», «Sovgʻa», Y. Abdullayev, Sh. Yoʻldoshevaning «Yangi alifbo va imlo» oʻquv qoʻllanmalari chop etildi (yana q. Darslik).
Yoʻldosh Abdullayev.