ALIYEVA Iroda Mirzaxonovna (1929.17.12 – Toshkent – 1989.7.7) — Oʻzbekiston xalq artisti (1967). Toshkent sanʼat in-tini bitirib (1951), Hamza nomidagi Oʻzbek davlat akademik drama teatrida ishladi (1951— 72), 1972—89 y. lar «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida aktrisa. Nasiba («Ogʻriqtishlar»), Muqaddas («Chin muhabbat»), Shirin («Bir sevgi afsonasi»), Guzin («Turkiya haqida hikoya»), Kamola (R. Tagorning «Halokat» romani asosida yaratilgan inssenirovka — «Gang daryosining qizi»), Maryam («Jazoir, mening vatanim»), Asal («Sarvqomat dilbarim»), Nazokat («Parvona») rollarida Aliyeva muvaffaqiyat qozondi va lirik rollar ijrochisi sifatida tanildi. Yuksak texnika, mukammal sahna nutqiga ega boʻlgan Aliyeva qahramonlarining dunyoqarashi va ichki kechinmasini oʻziga xos sharqona xususiyat, nazokat bilan ifodalashga erishgan. Kinoaktyor teatr-studiyasida Nina (A. Kason, «Yetti faryod», 1973), Enaga (A. Korneychuk, «Platon Krechet», 1974) va b. rollarni ijro etdi. Kinoda: «Akmal, ajdaho va malika» (1980), «Akmalning yangi sarguzashtlari» (1983) filmlarida yalmogʻiz kampir obrazini yaratdi.