AKSIYADORLIK KAPITALI

AKSIYADORLIK KAPITALI — aksiyadorlar jamiyatining kapitali, sherikchilik asosida tashkil topgan korporativ mulk hisoblanadi. Aksiyadorlik kapitali tarkibi Nizom (Ustav) kapitali, qoʻshimcha kapital, rezerv fondidan va taqsimlanmagan foydadan iborat. Aksiyadorlik kapitali asosini Nizom kapitali tashkil etadi. Nizom kapitali jamiyat tashkil etilgan chogʻda uning mol-mulkiga aksiyadorlar qoʻshgan ulush boʻlib, pulga chaqib hisoblanadi. Bu kapital maʼlum miqdordagi aksiyalardan iborat boʻlib, uning taʼsischilari orasida taqsimlanadi. Aksiyadorlik kapitali Nizom kapitalidan tashqari qoʻshimcha aksiya chiqarib, jalb etilgan kapitaldan va kapitallashgan daromad hisobiga oʻsib boradi. Aksiyadorlik jamiyat beradigan dividend kapitallashganda Aksiyadorlik kapitaliga kelib qoʻshiladi. Aksiyadorlik kapitali pul shaklida chiqarilgan aksiyalar summasidan, moddiy shaklda jamiyat faoliyatini taʼminlovchi mol-mulkdan iborat boʻladi.