AKUSTOOPTIKA — akustikaning fizika bilan texnika orasidagi sohasi; elektromagnitik toʻlqinlarning tovush toʻlqinlari bilan oʻzaro taʼsiri oʻrganiladi hamda bu hodisalarning texnikada qoʻllanish asoslari ishlab chiqiladi. Yorugʻlikning tovush bilan oʻzaro taʼsiridan optikada, optoelektronikada, lazer texnikasida kogerent yorugʻlik nurlanishini boshqarishda foydalaniladi. Akustooptik qurilmalar yorugʻlik signalining amplitudasini, takroriyligi (chastotasi)ni, qutblanishini spektral tarkibini hamda yorugʻlik nurining tarqalish yoʻnalishini bosh-qarishga imkon beradi. Akustooptik effektlarning muhim amaliy qoʻlanish sohasi OʻYUT (oʻta yuqori tovushlar) — signallarga chin vaqt koʻlamida ishlov berish tizimlaridir. Tovush toʻlqini vujudga keltirgan mexanik qayishishlar taʼsirida muhit optik xossalarining fazoviy modulyatsiyasi yuzaga kelib, uni fotoqayishish effekti deyiladi. Bunda muhitning optik xossalari tovush toʻlqini takroriyligida oʻzgaradi. Akustooptik oʻzaro taʼsir effektlari fizika tadqiqotlarida xamda texnikada qoʻllaniladi. UT (ultra tovushlar)dagi yorugʻlik difraksiyasi UT — maydonlarning mahalliy xarakteristikalarini aniqpash imkonini beradi.
Optik nurlanishning past jadalligida akustooptik oʻzaro taʼsirlar faqat optik refraksiya va difraksiya effektlariga olib keladi. Nurlanish jadalligi ortishi bilan muhitga nurlanishning nochiziqli taʼsirlari koʻproq rol oʻynay boshlaydi.
Tovushning optoakustik generatsiyasi asosida fotoakustik spektroskopiya usuli yaratilgan. UT larda yorugʻlikning difraksiyasi va refraksiyasi effektlari asosida yorugʻlikning barcha koʻrsatkichlarini boshqarish imkonini beruvchi faol optik elementlar yaratilgan.
Ad.: Fizicheskaya akustika (ing. tilidan tar-jima), 7 – jild, M., 1974; Rebrin Yu. K., Upravleniye opticheskimi luchami v prostranstve, M., 1977; Magdich L. N., Molchanov V. Ya., Akustoopticheskiye ustroytsva i ix primeneniye, M., 1978.