AKSIOMATIK METOD — aksiomalarga asoslanib ilmiy nazariya qurish usuli. Asos qilib olingan aksiomalar tizimi (aksiomatika) muayyan nazariy tizimda isbotsiz haqiqiy deb kabul qilinadi. Boshqa nazariy bilimlar, xulosalar toʻla ravishda aksiomatikadan deduktiv yoʻl bilan chiqariladi. Yangi tushunchalar nazariyaga formal taʼriflash yoʻli bilan kiritiladi. Aksiomalar tizimi ziddiyatsizlik, toʻlalik va bogʻliqsizlik shartlarini qanoatlantirishi lozim. Bitta ilmiy nazariyani turli aksiomalar tizimiga asoslanib ham qurish mumkin. Mac, haqiqiy sonlar nazariyasining turli qurish usullari mavjud.
Matematikada Aksiomatik metod qadimgi yunon geometrlari asarlarida shakllana boshlagan. Evklidning «Negizlar» (mil. av. 300-yillar) asarida bayon etilgan geometrik sistema Ak. m. bilan nazariya qurish namunasidir. 19-a. ikkinchi yarmidan mat. ning turli sohalari Aksiomatik metod bilan qurila boshlandi (turli geometriyalar, arifmetika, ehtimollar na-zariyasi va b.). Ak. m. ning keyingi taraqqiyoti, mukammalashuvi D. Gilbert kiritgan formal sistema va formalizm metodi bilan bogʻliq.
Qadimda fanlar, shu jumladan falsafaning turli bulimlarini aksiomalar tarzida bayon qilishga urinib koʻrilgan (Nyuton, Spinoza, Forobiy va b.).