AYRITOM

AYRITOM — oʻzbek xalqining qadimiy tarixi va madaniyatidan guvohlik beruvchi koʻhna shahar xarobasi. Termiz sh. dan 18 km sharqda, Amudaryo qirgʻogʻida joylashgan. Dastlab Ayritom yaqinida Amudaryo tubidan odam haykalchalari ishlangan friz (piramon) parchalari topilgan (1932), 1933-y. M. Ye. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi Ayritomda qazish ishlari olib borib, yana 7 ta friz boʻlaklari hamda budda ibodatxonasi xarobasini topgan. Frizlar 1—2 – a. larga oid boʻlib, ularda qoʻshnay, chiltor, ud, nogʻora chalayotgan sozandalar va gulchambarlar, meva solingan idishlar koʻtarib olgan yigit-qizlar ifodalangan. Bundan tashqari A. dan mil. av. 2 – a. oxiri va mil. 4 – a. larga oid ikkita qabr topilib, ularning biridan qurol-yarogʻlari bilan birga dafn qilingan jangchining, ikkinchisidan idish-tovoqlar hamda zeb-ziynatlari b-n koʻmilgan ayolning skeletlari chiqqan. 1963—66 y. larda Ayritomda Oʻzbekiston sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi (B. Turgʻunov) ham qazish ishlari olib borgan. Devorlarining kalinligi 1,5 m, bal. 2—2,5 m boʻlgan 15 ga yaqin eshik va derazasiz xonalar (diniy marosimlar oʻtkazilgan xonalar) topilgan. Xonalarga yuqoridan maxsus zinalar orqali tushilgan. 1978-y. da olib borilgan qazilmada yunon alifbosida 6 qator qilib bitilgan yozuvi bor haykal tagkursisi topilgan. Ayritom moddiy-madaniy yodgorliklari oʻzbek xalqining kushonlar davridagi tarixini madaniy merosini, urf-odatlarini va b. oʻrganishda katta ahamiyatga ega.