AYLANA

AYLANA — tekislikda hamma nuqtalari belgilangan nuqtadan barobar uzoqlikda yotgan yopiq egri chiziq. Belgilangan nuqta A. markazi, markazdan Aylana nuqtasigacha masofa A. radiusi deyiladi. Markazlari umumiy, radiuslari har xil Aylanalar konsentrik aylanalar deb ataladi.

Aylana ikki nuqtasini tutashtiruvchi kesma A. vatari, markazdan oʻtuvchi vatar A. diametri deb ataladi. Uchi A. markazida, tomonlari radiusdan iborat burchak markaziy deyiladi. Aylana boʻlaklari A. yoyi deb ataladi. Aylana tushunchasi faqat tekislikda emas, ixtiyoriy silliq sirtlar oʻrtasida ham qaralishi, bunda uning shakli murakkab boʻlishi mumkin.