AYIQLAR (Ursidae) — yirtqichlar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi. Eng yirik yirtqichlar, boshi katta, boʻyni qisqa va yoʻgʻon. Panjalari kuchli rivojlangan, tovonida yuradi. Dumi kalta, kalin juni orasida deyarli sezilmaydi. Koʻpchilik Ayiqlar oʻsimlikxoʻr yoki aralash oziqlanadi. Ayiqlar odamga tegmaydi. Faqat oziq tanqis boʻlganida, keksa va yarador ayiqlar odam uchun xavfli hisoblanadi. Oq ayiq esa haqiqiy yirtqich boʻlib, odam uchun xavfli. Ayiqlarning 4 uruqqa mansub 7 turi mavjud. Qoʻngʻir ayiq (Ursus arctos) Yevropa, Osiyo, Shim. Afrika va Amerikaning oʻrmonli oʻlkalarida tarqalgan. Tanasining uz. 2,5 m, ogʻirligi baʼzan 750 kg ga yetadi. Oʻzbekistonning togʻ oʻrmonlarida oqtirnoqli qoʻngʻir ayiq (U. arctos leuconyx) uchraydi. Qoʻngʻir ayiq okt, — noyab. dan mart — apr. gacha daraxtlar kovagi, toshlarning ostidagi kovaklarda, tabiiy chuqur joylar yoki oʻzi qazigan iniga tushib qishki uyquga ketadi. Urgʻochilari uyada 2—3 ta, baʼzan 1 yoki 4 ta nimjon bola tugʻadi. Qora ayiq, Himolay ayigʻi (U. thibetanus)ning tanasi birmuncha kichik va xipcharoq, quloklari yirik, juni qora, faqat koʻkragining oldingi tomonida tasmaga oʻxshash oq juni boʻladi. Sharqiy va Jan.-Sharqiy Osiyoning aralash va keng bargli subtropik urmonlarida yashaydi. Qora ayiq ham qoʻngʻir ayiq singari mevalar, oʻsimliklarning barglari va yosh novdalari, turli hasharotlar va hayvonlarning murdalari b-n oziqlanadi. Oq ayiq (U. maritimus) Arktika muzliklarida yashaydi, asosan tyulenlar, hayvonlarning murdalari bilan oziqlanadi. Qishda uxlamaydi. Tanasining uz. 3 m, ogʻirligi 750 kg gacha keladi. Baribal (Euarctos americanus) Shim. Amerikada tarqalgan, juni silliq, tanasining uz. 1,5—1,8 m, ogʻirligi 120— 150 kg ga yetadi. Jan. Osiyoning tropik va subtropik oʻrmonlarida Malayziya ayigʻi (Helarctos malayanos), Hindiston va Seylonda labdor ayiq (Melursus ursinus), Jan. Amerikada koʻzoynakli ayiq (Tremaratus ornatus) uchraydi. Koʻpchilik ayiklar moʻynasi va yogʻi uchun ovlanadi. Lekin barcha turlarining soni keskin kamayib ketayotganligi tufayli aksari mamlakatlarda muhofaza qilinadi. Ayiqlarning 5 turi Xalqaro Qizil kitobga, qoʻngʻir ayiq Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Ad.: Bogdanov O. P., Redkiye jivotnыye Uzbekistana, T., 1991; Naumov S. P., Umurtqali hayvonlar zoologiyasi, T., 1995.