AYIRBOSHLASH (iqtisodiyotda) — kishilarning mehnat faoliyati yoki mahsulotlarini oʻzaro almashtirishlari. Ayirboshlash iqtisodiy faoliyatning bir turi, ishlab chiqarish bilan isteʼmolni bir-biriga bogʻlab turuvchi vosita hisoblanadi. Ayirboshlash oʻziga xos maxsus faoliyat turi boʻlib, amaliyotda savdo-sotiqdan iboratdir. Bu faoliyat bilan maxsus kishilar guruhlari shugʻullanadilar. Ayirboshlashning iqtisodiy asosini ijtimoiy mehnat taqsimoti tashkil etadi, xarakteri va shaklini i. ch. belgilaydi. Oʻz navbatida Ayirboshlash ham i. ch. ning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadi.
Ayirboshlash kishilik jamiyati tarixida ijtimoiy mehnat taqsimoti, dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadigan qabilalarning bir-biridan ajralishi tufayli kelib chiqdi. Ishlab chiqaruvchi kuchlar oʻsib, chorvachilik va dehqonchilik b-n shugʻullanadigan qabilalarda tayyorlangan mahsulotlar ularning oʻz ehtiyojlaridan ortib qoladigan boʻldi, bu qabilalarda oʻzlari ishlab chiqara olmaydigan buyumlarga ehtiyoj oʻsa boshladi. Shu davrda dehqonchilik va chorvachilik mahsulotini Ayirboshlash vujudga keldi. Bu A. tasodifiy xarakterga ega edi. Mehnat taqsimoti chuqurlashib, hunarmandchilik q. x. dan ajralib chiqqach, q. x. va hunarmandchilik ixtisoslashgan bir necha tarmoqqa ajralib ketdi. Natijada ishlab chiqaruvchilar maʼlum turdagi mahsulot tayyorlashga oʻtdilar va ularni boshqa mahsulotlarga almashtirish b-n oʻz ehtiyojlarini qondira boshladilar. Keyinchalik ular Ayirboshlash uchun mahsulot tayyorlab, tovar ishlab chiqaruvchilarga aylandilar. Ayirboshlash ilgari tasodifan, oʻqtinoʻqtin boʻlsa, keyinchalik, u muhim ishga, muntazam faoliyatga aylandi.
Tovar i. ch. ning oʻsishi va Ayirboshlashning kengayishining paydo boʻlishiga olib keldi. Bir tovar ikkinchisi bilan pul yordamida bilvosita ayirboshlandi. Har xil tovarlarni miqdor jihatdan almashtirishda ularning tabiiy xususiyatlari (shakli, rangi, ogirligi, hajmi) emas, balki ayirboshlash qiymati asos boʻladi. Ayirboshlash maʼlum nisbat va mutanosiblikda yuz beradi, yaʼni bir tovar boshqasiga maʼlum miqdoriy nisbatda ayirboshlanadi.
Tarixan Ayirboshlashning ikki turi mavjud: a) barter yoki natural A. Bunda bir tovar boshqasiga toʻgʻridan toʻgʻri, lekin maʼlum miqdoriy nisbatda ayirboshlanadi. Mas, bir qop bugʻdoy — 2 kg metall; b) tovar ayirboshlash yoki savdo-sotiq. Bunda bir tovar boshqasiga pul vositasida almashiladi. Tovar pulga almashganda sotish yuz bersa, shu pulga boshqa tovar xarid etilganda sotib olish yuz beradi. Har ikki amalning yaxlitligidan oldi-sotdi paydo boʻladi. Barter anʼanaviy iqtisodiy tizimga xos, lekin xoʻjalik aloqalari izdan chiqqan, pul qadrsizlanib, oʻz obroʻsini yoʻqotgan kezlarda qaytadan paydo boʻladi.
Tovar Ayirboshlash bozor iqtisodiyotiga xos, u A. ning ilgʻor hammabop usuli boʻlib, nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham amal qiladi.
Ahmadjon Oʻlmasov.