AYBSIZLIK PREZUMPSIYASI

AYBSIZLIK PREZUMPSIYASI — aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas yoki oʻzini aybdor deb koʻrsatish ham qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlanmaguncha uni aybdor deb boʻlmaydi. OʻzR JPKling 23-moddasida koʻrsatilishicha, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qoʻllanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.