AZIZ NESIN (taxallusi; asl ismi Mahmud Nusrat) (1915, Istanbul — 1995, Izmir; Istanbulda dafn etilgan) — turk hajviy yozuvchisi, dramaturg, Nafis sanʼat akademiyasi (Istanbulda oʻqigan (harbiy maʼlumotga ham ega). «Marko posho» (1946) taraqqiyparvar hajviy gaz. va b. matbuot organlarida ishlagan. «Nuh kemasi» (1949) hajviy jur. nashr etgan. Koʻplab hajviy hikoya, poema va romanlar muallifi, siyosiy va ijtimoiy hajv ustasi. «Jinnilar ozod boʻldi», «Ishbilarmon odam», «Noziq va nafis», «Xudoga shukur» va b. asarlari siyosiy oʻtkir va dolzarb. Ularda yozuvchi jamiyat illatlarini fosh qiladi, kulgili vaziyat, xususiyat va holatlar orqali kishilarni beixtiyor oʻz nuqsonlaridan kulishga majbur etadi. Aziz Nesin asarlarining qahramonlari — ish axtaraverib bezor boʻlgan mayda amaldor, omadsiz ziyoli va qashshoq ishchi («Yashasin kambagʻallik», «Maydon soatlari», «Xotin kishi boʻlganimda-yu…» va b.). «Shunday boʻldi, bunday boʻlmaydi» avtobiografik qissasi, «Aziznoma» hajviy sheʼrlar va «Mamlakatlardan birida» hajviy hikoyalar toʻplamlari mavjud. Hajvchi yozuvchilar xalqaro tanlovlarida «Dafna chambari» olgan (1956, 1957). Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Toshkent anjumanlari ishtirokchisi.
Asarlari oʻzbek («Musht ketdi», 1966; «Xushtak afandim», 1969; «Futbol qiroli», 1978 va h. k.) va b. tillarda nashr qilingan.