AZIZOV

AZIZOV Otaqoʻzi (1910.21.9, Qirgʻiziston, Oʻsh viloyati) — tilshunos. Oʻzbekistonda (1970) va Qoraqalpogʻistonda (1980) xizmat koʻrsatgan fan arbobi. Filol. fanlari d-ri (1961), prof. (1965). RF Taʼlim akademiyasining chet el muxbir aʼzosi (1968). Oʻrta Osiyo un-tini tugatgan (1932). Toshkent ped. institutida dotsent (1940—45), Toshkent qishloq xoʻjaligi in-ti (1945—48), Toshkent kechki ped. instituta (1948 — 52), ToshDU (1952-85)da rus tili kafedrasi mudiri. Ilmiy ishlari oʻzbek tilshunosligi, leksikografiyasi, rus va oʻzbek tillarining qiyosiy oʻrganish masalalariga bagʻishlangan. Azizov darsliklar, ruscha-oʻzbekcha va b. lugʻatlar tuzgan.