AZA

AZA (arab. — sabr, bardosh) — marhumning izzat-hurmati va xotirasi uchun maʼlum muddat tutiladigan motam. Aza tutish odati qadim zamonlardan mavjud boʻlib, xalqlarning diniy eʼtiqodlariga koʻra farqlanadi. Islomda Aza tutish muddati uch kun. Lekin eri vafot etgan ayollar uchun Idda muddati esa toʻrt oyu oʻn kun. Aza vaqtida ayollar oddiy matodan qora yoki koʻk libos kiyishadi. Baʼzi xalqlarda, jumladan oʻzbeklarda Azani uzoq tutish — bir yilgacha qora kiyim kiyish, toʻy qilmaslik va h. k. odatlar saqlangan. Shuningdek, marhum dafn etilgandan keyin uni xotirlab yetti, yigirma, qirq, hayit oshi, yil oshi, kiryuvdi, payshanbalik, yakshan-baliq, oqkiyar kabi motam marosimlari oʻtkaziladi. Bu udumlar xalq hayotiga gʻoyat singib ketgan. Lekin bu anʼanaviy marosimlarning sharʼiy asosi boʻlmaganligi sababli islom dinida ularning koʻp tomonlari tan olinmaydi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bularning oʻrniga marhum ruhini shod etish uchun boshqa xayrli ishlar qilish joizligi haqida bir necha fatvo chiqargan (yana q. Motam marosimlari).