ADABIY OʻGʻRILIK

ADABIY OʻGʻRILIK, plagiat — birovning asarini koʻchirib, oʻziniki qilib olish. Bunday oʻgʻrilik muallif ijozatisiz ilmiy, adabiy, musiqiy yoki badiiy asarni oʻz nomidan toʻla yoki qisman bostirib chiqarishdan, kashfiyot yoki ixtirochilik takliflarini oʻziniki qilib olishdan iborat. Aybdor oʻz harakatining ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, fuqarolik yoki jinoiy tartibda javobgarlikka tortiladi, binobarin haqiqiy muallifning huquqi tiklanadi. «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida» OʻzR Qonunining 46-moddasida «huquq egasi bilan shartnoma tuzmagan holda asardan foydalanilgan taqdirda qoidabuzar huquq egasiga yetkazilgan zararning oʻrnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart» ekanligi koʻrsatilgan. Huquq egasi qoidabuzardan oʻzi koʻrgan zarar oʻrniga uning qoidabuzarlik oqibatida olgan daromadlarini undirib olishga haqli. Asardan mualliflik shartnomasida nazarda tutilmagan usulda yoki bunday shartnomaning amal qilishi toʻxtaganidan keyin foydalanish asardan shartnoma tuzmagan holda foydalanish, deb hisoblanadi. Mazkur qonunda muallif (hammualliflar)ning oʻzi yaratgan asarga boʻlgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ayni shu asarga mualliflik huquqi eʼtirof qilinishini istisno etishi; muallif asardan oʻz ismisharifi, taxallusini koʻrsatgan holda yoki imzosiz foydalanish yoki shu tarzda foydalanishga ruxsat berish borasida alohida huquqqa (mualliflik nomiga boʻlgan huquqqa) ega ekanligi taʼkidlangan (18-va 19-moddalar). Muallif oʻz asariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish hamda asarga oʻzining roziligisiz biron-bir shaxs tomonidan oʻzgartishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishidan asarini himoya qilish borasida alohida huquqqa (asarning daxlsizligiga boʻlgan huquqqa) ega (20-modda).

OʻzR Jinoyat kodeksining 149-moddasida tafakkur mulki obyektiga nisbatan mualliflik huquqini oʻzlashtirib olish, hammualliflikka majburlash va sh. k. holatlar eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud olti yilgacha qamoq bilan jazolanishi koʻrsatilgan.