ADABIYOT MUZEYI

ADABIYOT MUZEYI, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (Toshkent sh.) — madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasa. 1940-y. da Alisher Navoiy tavalludining 500-yilligi munosabati bilan Respublika koʻrgazmasi tariqasida tashkil topgan. 1944 — 68 y. larda Oʻzbekiston FA Til va adabiyot in-ti boʻlimi, 1968 — 78 y. larda Oʻzbekiston FA Adabiyot muzeyi, 1978 — 91 y. larda Oʻzbekiston FA H. S. Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar in-tining muzey boʻlimi. 1991-y. dan Oʻzbekiston FA Adabiyot muzeyi. Muzey ekspozitsiyasi 40 xonaga joylashgan, 8 boʻlimdan iborat. Jamlanmasida qariyb 34 ming koʻrgazma bor (1997). Muzeyda oʻzbek adabiyotiga oid asarlar, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik sanʼatiga doir koʻrgazmalar (yogʻochdan ishlangan panjara, A. Fayzullayev, 1968), 10-a. ga oid sopol buyumlar mavjud. Muzey koʻrgazmalari temuriylar davri ekspozitsiyasi b-n, oʻzbek adabiyoti tarixi ekspozitsiyalari esa Alisher Navoiy ijodidan boshlangan: «Xamsa»ning qoʻlyozma, foto va koʻchirilgan nusxalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, rasm va bezaklar, shoir hayotiga oid portretlar, haykallar, xarita, kitob, har xil sovgʻa va albomlar, lagan, koʻzachalar bor. Buxorolik 14 qiz tomonidan Navoiy, Farhod va Shirin, Layli va Majnun rasmlari zar bilan tiqilgan gilam (1968) muzeyga alohida koʻrk bagʻishlaydi. Jomiy xonasiga shoir asarlarining turli davrda kuchirilgan nusxalari qoʻyilgan. Muzeyning boshqa xonadagi koʻrgazmalari orasida Hofiz, Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviylarning bir qancha qoʻlyozmalari bor. Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi koʻrgazmalar ichida «Bobur haykali» (haykaltarosh A. Grishchenko, 1968) va ipak bilan tiqilgan «Bobur portreta» (chevar F. Saydaliyeva, 1974) alohida oʻrin tutadi. Muzeyda Zebunniso, Turdi, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna va b. sheʼrlaridan namunalar, qoʻlyozmalar va asarlariga ishlangan tasvirlar, namoyonlar bor. Muzeyning hoz. zamon adabiyotiga bagʻishlangan xonalariga «20-a. oʻzbek adabiyoti», «Istiqlol davri oʻzbek adabiyoti» ekspozitsiyalari joylashtirilgan. 200 dan ortiq oʻzbek shoir va yozuvchilari ijodiy yoʻlini yorituvchi koʻrgazmalar qoʻyilgan.