ADABIYOT

ADABIYOT (arab. — adab soʻzining koʻpligi) — 1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (texnikaviy Adabiyot, qishloq xoʻjaligi A. i, siyosiy Adabiyot va b.). 2. Sanʼatning bir turi (badiiy Adabiyot deb ham ataladi); voqelikni soʻz yordamida obrazlar orqali aks ettiradi. Adabiyot avval ogʻzaki boʻlgan, yozuv paydo boʻlgandan soʻng yozma shaklga oʻtgan. Adabiyot soʻz orqali insonning his-tuygʻularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatiga ega, shuning uchun ham u sanʼatning eng ommaviy turi hisoblanadi. Badiiy Adabiyotning yetakchi 3 turi — epos, lirika, drama mavjud. Epos voqelikning oʻzini inʼikos etadi, lirikada esa insonning voqelikdan olgan taassurotlari qoʻshib tasvirlanadi. Sharq qadimdan sheʼriyat tuygʻulari oʻlkasi boʻlgan. Shu boisdan Sharq badiiy Adabiyotda ayniqsa lirika keng rivojlangan. Drama hayotni harakatda ifodalab, muallif nutqisiz aks ettiradi. Adabiyotda qorishiq turlar ham mavjud. Mas, lirika va epos xususiyatlari birlashib liroepik toʻrni tashkil etadi. Liro-epik turga poema, ballada, doston, masal kabilar kiradi. Epos, odatda, 3 ga boʻlinadi: kichik epik shakl (latifa, ocherk, ertak, hikoya), oʻrta epik shakl (qissa) va katta epik shakl (roman). Lirika mazmun va shaklga koʻra, gʻazal, muxammas, marsiya, ruboiy, qasida, sonet, qoʻshiq va b. ga boʻlinadi. Dramatik Adabiyotning ham mazmunan 3 xili bor: drama, komediya va tragediya (fojia). A. sanʼatning boshqa turlari kabi mafkuraviy hodisadir. Adabiyotda voqelikni aks ettirish tamoyiliga koʻra, adibning ijodiy usuli paydo boʻladi. Voqelikdagi tipik hodisalar umumlashtirilgan holda haqqoniy aks ettirilsa, realistik Adabiyot deyiladi. Yozuvchi ayni voqelikni emas, balki u haqidagi oʻz orzu-umidlarini ham ifoda etea, romantik Adabiyot boʻladi. Adabiyotning badiiylik mezoni uning gʻoyaviy-badiiy jihatdan mukammal boʻlishini taqozo qiladi. Bu hol asar mavzuining dolzarbligi, ifoda etadigan gʻoyasining toʻgʻriligi, tasvir haqiqatining chuqurligi, badiiy shakl tarkibiy qismlarining mukammalligidan yuzaga keladi.

Har bir Adabiyot milliydir, shunga koʻra har bir xalq madaniyatining tarkibiy qismi hisoblanadi. Xalqning tarixiy hayotidagi va ruhiyatidagi xususiyatlar Adabiyotning milliyligi mazmunini tashkil etadi va oʻziga xos milliy shaklni yuzaga keltiradi. Milliy shaklning yuzaga kelishida Adabiyot tomonidan uzoq davr mobaynida yigʻilgan tajriba va anʼa-naning ham ahamiyati katta. Xalq hayotidagi yangi davr esa Adabiyotni yangi, yuqoriroq bosqichga koʻtaradi, uning mazmuni va shaklini ham yangilaydi, ham boyitadi. Yangilangan Adabiyot oʻz navbatida yangi jamiyatning mustahkamlanishida qudratli qurol vazifasini oʻtaydi.

Hoz. zamon oʻzbek Adabiyotda Adabiyotning tasvir obyekti umuman ijtimoiy voqelik boʻlsa, bosh tasvir obyekti esa insondir. Adabiyotda insonning ijtimoiy mohiyati umumlashtirilgan holda ifoda etiladi. Shuning uchun ham Adabiyotning maqsadi maʼlum bir ijtimoiy-siyosiy kuchning mohiyatini toʻla ifodalash va ayni vaqtda keskin individuallashgan badiiy obraz yaratmoqdir. Yaratilgan bunday obrazlarning eng mukammali «tip» deb ataladi. Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Majnun, Layli, Iskandar obrazlari; Shekspir asarlaridagi Otello va Hamlet; Abdulla Qodiriy asarlaridagi Otabek va Kumush tip darajasiga koʻtarilgan obrazlardir. Adabiyot voqelikni aks ettirar ekan, unga goʻzallik qoidalari nuqtayi nazaridan yondashadi. Binobarin, asar predmetini tanlash ham gʻoyat muhim ijodiy nuqtadir. Chunonchi, asarning taʼsirli chiqishi, boshqa koʻp mezonlar qatori, shunga asos qilib olingan fikrning emotsionalligi, koʻtarinkiligiga ham bogʻliq boʻladi.

Milliy mustaqillikka erishgan oʻzbek xalqi hayotning barcha jabhalarida oʻzligini namoyon etmoqda. Jumladan, istiqlol davri Adabiyoti tub sifat oʻzgarishlarigaerishmoqda. Budavrda ijodkor olam va odam haqida avvalgidan farqli fikrlash mumkinligini chuqur anglab faoliyat koʻrsatmoqda. Natijada olamni, odamni, ularning tuygʻularini turlicha ifodalaydigan badiiy asarlar yaratish boshlandi. Bu davr Adabiyot ida tasvirlanayotgan inson oʻzining bashariyat, vatan, el-yurt oldidagi masʼuliyatini chuqur his etgan holda namoyon boʻlmoqda. Istiqlol Adabiyoti mavzu nuqtayi nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham ilgarigi qoliplarga sigʻmaydigan, tabiiy ravishda rivojlanayotgan yangi estetik hodisadir. U odamlarga yoʻl koʻrsatishni zimmasiga olmaydi, oʻquvchiga aql oʻrgatmaydi, hayotiy muallimlikni daʼvo qilmaydi, balki tasvirning noziqligi, ifodalarning favquloddaligi, obrazlarning kutilmaganligi bilan oʻquvchida munosabat uygʻotadi. Bu A. ning jozibasi zohirda emas, botinda — matn zamiriga joylangan. Istiqlol davri oʻzbek Adabiyoti chinakamiga rang-barang Adabiyot dir. Uning bagʻrida turli-tuman ijodiy tajribalar kechadi, ijodiy yoʻnalish va oqimlar kesishadi va shu orqali cheksiz olam bagʻrida kechayotgan insonning murakkab «men»i kashf etiladi.

Bahodir Sarimsoqov.