AGROELEKTRONIKA — agroaxborotlarni toʻplash va q. x. ishlab chiqarishini boshqarishga oid elektronika bilimlari va vositalari majmui. Asosiy vazifalari: q. x. boshqaruvi va hisob-kitob ishlarini kompyuter zanjirlari orqali tahlil etish; tuproqning mexaniq fizik-kimyoviy parametrlarini tezkor usullarda aniqlash va ulardan amalda foydalanish; issiqxonalar, omborlar, chorvachilik ishlari va dehqonchilik mahsuloti i. ch. texnologiyasini mikroelektron asboblar yordamida boshqarish; maxsus Agroelektronika qurilmalarini loyihalash va yaratish, ulardan agronomiya ishlarida kengroq foydalanish; avtomatlashgan maxsus ilmiy-texnik agroaxborot markazlarini tashkil etish va ularga xizmat koʻrsatish; q. x. mahsulotlarining sifat koʻrsatkichlarini aniqlash va tahlil qilishning tezkor usullarini yaratish; q. x. ekologiyasiga oid ishlarni oʻrganishning elektron usullarini yaratish va b. Asosiy maqsadi — q. x. ni elektronlashtirish tizimlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish.
Agroelektronika mikroelektronikaning yutuqlari asosida rivojlanib, dehqonchilik ishlarini kengaytirish va hosildorlikni boshqarishda qoʻllanilmoqda. Turli mikroelektron datchiklar, elektron boshqaruv tizimlari, kompyuterlar va maxsus elektron qurilmalar Agroelektronikaning texnikaviy asosini tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarda Agroelektronika qurilmalari q. x. ishlab chiqarishida keng qoʻllaniladi. Hoz. vaqtda Agroelektronika asbobsozligiga toʻla asos yaratilgan, turli mikroelektron oʻlchov asboblari, uzoqdan turib boshqarishning yirik elektron tizimlari, q. x. ga oid ilmiy-texnika axborotlarini toʻplash, saqlash va ishlov berishga doir kompyuterlashtirilgan murakkab tizimlar yaratilgan boʻlib, hosildorlikni oshirishda, sugʻorish tizimlarini takomillashtirishda va b. iqtisodiy masalalarni hal etishda ijobiy rol oʻynamoqda. Biroq Oʻzbekistonda ommaviy tarzda qoʻllanilganicha yoʻq.
Bionika qurilmalarining yaratilishi natijasida Agroelektronika istiqbolda yanada rivojlanadi va hosildorlikni oldindan boshqarish va oshirish texnologiyasi yaratiladi. Bionikaga asoslangan Agroelektronika kelajak fanidir.