AGROFIZIKA

AGROFIZIKA, agronomik fizika — oʻsimliklarning hayot sharoitlarini fizik usullar bilan tadqiq etish va ular hayot faoliyatining fizik jarayonlari haqidagi fan. Q. x. ekinlarining hosildorligi va tezpisharligini oshirish uchun tashqi muhitning fizik xususiyatlarini oʻrganadi va ularni boshqarish usullarini ishlab chiqadi. Agrofizikaning boʻlimlari: tuproq fizikasi (tuproq havosi fizikasi, tuproq gidrofizikasi, tuproqning qattiq qismi fizikasi, issiqlik va b.); havoning yer atrofi qatlami fizikasi (aerodinamik, radiatsion va b. koʻrsatgichlar); oʻsimliklar radiobiologiyasi va yorugʻlik fiziologiyasi, shuningdek, q. x. ekinlarining oʻsishi va rivojlanishi uchun qulay tabiiy sharoitlar yaratish maqsadida ekinlarga hamda tashqi muhitga faol taʼsir koʻrsatadigan agrofizik usullar, vositalar. Agrofizika fan sifatida 20-a. da shakllangan va hoz. zamon tabiatshunosligi, ayniqsa, biofizika, shuningdek, mat., elektronika, kibernetika va b. fanlarning nazariy yutuqlari negizida rivojlandi, natijada oʻsimliklarning oʻzida va tashqi muhitda sodir boʻladigan jarayonlarni miqdoriy baholash imkoniyatlari yaratildi. Agrofizikani rivojlantirishda K. A. Timiryazev, D. N. Pryanishnikov, N. A. Kachinskiy, A. A. Rode (Rossiya), E. Rassel (Buyuk Britaniya), V. Shou (AQSH) va b. katta hissa qoʻshgan. Agrofizik tadqiqotlarda vegetatsion va dala usullari qoʻllaniladi, tashqi muhit sharoitlarini oʻrganish uchun aniq oʻlchov asboblari ishlatiladi. Tadqiqot natijalaridan tuproqning suv, havo, issiqlik rejimlarini yaxshilashda, optimal ekish usullari va muddatlarini, tuproqqa ishlov berish, sugʻorish meʼyorlari va b. ni belgilashda foydalaniladi. Agrofizika tadqiqotlari xulosalari, ayniqsa, ekinlarning hosildorligini programmalashda va dala ishlari sifatini baholashda katta ahamiyatga ega. Fitotron, oranjereya, issiqxonalarda iqlimni boshqarish, tuproq issiqlik balansipi, oʻsimlik transpiratsiyasi, ularga oziq moddalar va suvning shimilishi tezligini oʻlchaydigan asboblar yaratilgan. Agrofizik asboblarni qoʻllash yirik omborxonalarda kartoshka va mevalarni saqlash jarayonlarini avtomatlashtirish, nobudgarchilikni kamaytirish, mahsulot sifatini buzmay saqlash, chiqindilar miqdorini ka-maytirish imkoniyatini beradi. Dehqonchilik va oʻsimlikshunoslikning fizik muammolari Tuproqshunoslik va agrokimyo i. t. instituti, Oʻzbekiston paxtachilik i. t. instituti, oliy oʻquv yurtlari kafedralarida oʻrganiladi.

Abdurahim Ermatov.