AVANGARDIZM

AVANGARDIZM (frans. avantgardiste) — 1) 20-a. adabiyot va sanʼatida qator zamonaviy oqimlarning umumiy shartli nomi. Avangardizm tarafdorlari adabiyotni va sanʼatni tubdan yangilashni, uning shakli va ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻygan, avvalgi qaror topgan yunalishlar (shu jumladan, romantizm, realizm, impressionizm, neoklassitsizm va b.) ga tanqidiy yondashgan. Avangardizm namoyandalari sanʼatning predmetini ham, uslubini ham, shakl va mazmunni ham yangilashni oʻzida ifoda etgan umumiy istak ostida birlashganlar. Bu yoʻnalish taraqqiy etgan 1905—30 y. larda uning tamoyillari ekspressionizm, fovizm, kubizm, dadaizm, syurrealizm; adabiyotda — «ong oqimi», futurizm, musiqada — dodekafoniya, atonallik va b. kabi modernistik oqim va maktablarda, shuningdek baʼzi yirik soʻz ustalarining maʼlum davrdagi ijodiy faoliyatida namoyon boʻldi. Bir-biriga zid mayllar, turli ijtimoiy, gʻoyaviy-estetik nuqtayi nazarda turgan, ijodiy taqdiri bir-biriga oʻxshamagan sanʼatkorlar Avangardizm (modernizm) ning umumiy oqimida toʻqnashdi. Davrning eng oʻtkir ijtimoiy qarama-qarshiliklari Avangardizm ziddiyatlarida oʻz aksini topdi. Baʼzi yirik sanʼatkorlar ijodlarining dastlabki davrida Avangardizmga moyil boʻlganlar (mas, P. Elyuar — Fransiya; V. Nezval — Chexoslovakiya; V. Brext, I. Bexer, X. Eysler — Germaniya; D. Rivera — Meksika; V. Mayakovskiy, D. Shostakovich — Rossiya).

Jahon adabiyoti va sanʼatining koʻpgina zabardast vakillari Avangardizm tajribalariga asoslanib, zamonaviy sanʼatning yetakchilariga aylandilar (mas, J. Joys — Irlandiya; M. Prust — Fransiya; P. Mondrian — Niderlan-diya; S. Dali va P. Pikasso — Ispaniya; P. Kleye — Shveysariya; V. Kandinskiy, M. Malevich, S. Prokofyev — Rossiya va b.).

2-jahon urushidan keyin gʻarbda Avangardizm oqimi jonlanib, «absurd drama», «yangi roman», «konkret poeziya», tasviriy sanʼatda — pop-art, minimalizm, abstraksionizm, musiqada — aleatorika, sonoristika, elektron musiqa va b. koʻrinishlarida namoyon boʻldi.

Avangardizm tamoyillari Oʻzbekiston tasviriy sanʼatida 20-y. larda ham kuzatiladi (A. Volkov, A. Nikolayev, Oʻ. Tansiqboyev, M. Kurzin, O. Tatevosyan). 1970-y. lardan boshlab musiqada — kompozitorlar R. Vildanov, N. Zokirov, A. Malaxov, M. Tojiyev, T. Qurbonov, F. va D. Yanov — Yanovskiylar, N. Gʻiyosov va b., teatrda — rejissyorlar N. Abdurahmonov, M. Vayl, tasviriy sanʼatda — rassomlar J. Umarbekov, Jalolov, M. Toʻxtayev va b. A. ifodaviy imkoniyatlaridan ijodiy foydalanmoqda.

2) Falsafadagi Avangardizm — zarur taraqqiyot bosqichlari va real shart-sharoitlarni nazarga olmay sakrash yoʻli bilan jamiyatdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga intilish.