AVAZXON

AVAZXON — «Goʻroʻgʻli» turkumi dostonlaridagi yetakchi obrazlardan biri. Turkumga kiruvchi «Avazxon», «Gulqizoy», «Intizor», «Malika ayyor», «Mashriqo», «Zulfizar», «Boʻtakoʻz», «Qunduz bilan Yulduz», «Sarvinoz», «Balogardon», «Avazning arazi» kabi dostonlarning bosh qahramoni. «Avazxon» dostonida tasvirlanishicha, Avazxonning otasi gurjistonlik Bulduruq qassob, onasi chambillik Guloyim. Avazxon yoshligidan Xunxorshoh saroyida xizmat qiladi. Uning ovozasini eshitgan befarzand Goʻroʻgʻli hiyla bilan Chambilga olib keladi va xaloyiq oʻrtasida qoʻliga ilik berib, qad. anʼanaga koʻra, oʻziga oʻgʻil qilib oladi. Turkumning Xorazm nakliga koʻra, u vayangonlik. Boshqa dostonlarda Avazxonning oʻzga mamlakatlarga safari, bu safarlar davomida oʻzga yurt goʻzallarini Chambilga olib kelishi turli-tuman sarguzashtli voqealar girdobida juda ham qiziqarli tasvirlanadi. Avazxon dostonlarda bosqinchi dushmanlarga qarshi mardonavor kurashgan, el-yurt xizmatiga doimo tayyor turgan, maʼnaviy yetuk botir sifatida kuylanadi. Asrab olgan otasi Goʻroʻgʻliga, Chambil yurtiga sodiq va sadoqatli farzand, eng qiyin vazifalarni uz buyniga ola olgan jasoratli alp sifatida ulugʻlanadi.