ABʼOD

ABʼOD (arab. buʼd oraliq soʻzining koʻpligi) — ikki nagʻma, yaʼni ton oraliqlari, intervallar. Qad. Sharq musiqa nazariyasida Abʼodning juda koʻp turlari boʻlgan. Jumladan abʼodi avsat, abʼodi vusto — oʻrtacha hajmdagi intervallar — oktava, septima, seksta, rinta va kvartalar. Abʼodi izom yoki abʼodi kubro — katta intervallar. Ular kvintdetsima, duodetsima va undetsima kabi oktavadan katta intervallarni oʻz ichiga oladi; abʼodi lahniy yoki abʼodi sigʻar — kichik intervallardir: katta sekunda bilan kichik sekunda intervallarini oʻz ichiga oladi, baʼzan tersiya ham koʻzda tutilgan. Bular kuy va pardalar hosil qilishda qoʻllanilgani uchun «lahniy» («kuychan») deb atalgan. Lahniylarning turlari: izom (katta), avsat (oʻrtacha) va sigar (kichik); abʼodi muloyim yoki abʼodi muttafiq (ittifoqdosh) — yokimli, ohangdosh intervallar. konsonanslar; abʼodi munofir yoki abʼodi mutanofir ikki nafratli oraliq, yoxud abʼodi gʻayri muloyim — yoqimsiz, nomuloyim intervallar — dissonanspar; abʼodi mustaʼmal — musiqa amaliyotida qoʻllaniladigan intervallar: abʼodi gʻayri mustaʼmal — musiqada qoʻllanilmaydigan intervallar. Maxsus musiqa oʻquv yurtlaridagi Sharq musiqasiga oid darslarda Abʼod tizimi oʻrganiladi.