ABUSHQA

«ABUSHQA» — izohli lugʻat. Alisher Navoiy asarlaridan foydalanuvchilar uchun 16-a. da Turkiyada tuzilgan. Muallifi nomaʼlum. Navoiy zamondoshlarining asarlaridan ham ayrim misollar kiritilgan. «Abushqa» lugʻati Abushqa soʻziga izoh bilan boshlangani uchun shu nom bilan mashhur. Bu soʻz eski oʻzbek tilida keksa, qari, nuroniy maʼnolarida ishlatilgan. «Abushqa»ni yuzaga keltirishda hirotlik Toleʼ Imoniy tomonidan 15 – a. da Navoiy asarlariga tuzilgan oʻzbekcha-forscha «Badoeʼ ul-lugʻat»dan keng foydalanilgan. «Abushqa»ni dastavval vengriyalik sharqshunos G. Vamberi Budapeshtda venger tilida (1862), keyin rus sharqshunosi V. Velyaminov-Zernov «Al-lugʻat un-Navoiy val-istishhodot ilchigʻatoiya» («Chigʻatoy tilidan shohidlik keltiruvchi Navoiy lutati») nomi bilan nashr ettirgan (1868).