ABULFATH ALOUDDIN MUHAMMAD

ABULFATH ALOUDDIN MUHAMMAD ibn Abdulhamid Usmanliy Samarqandiy (?—1157) — fiqx olimi. Uning Abu Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning «Jomiʼ al-Kabir» («Katta toʻplam») kitobiga yozgan «Sharh ul-Jomiʼ al-Kabir» («Jomiʼ al-Kabirning sharhi») nomli bir necha jildli asarining 1-jildi bizgacha yetib kelgan boʻlib, u «Kitob ul-imon» («Imon haqida kitob») , «Kitob un-nikoh» («Nikoh haqida kitob»), «Kitob ush-shahodat» («Shahodat kitobi»), «Kitob ul-qazo» («Hukm kitobi») kabi sakkiz bobga boʻlinadi. Mazkur asarning kotib Ahmad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Umar Samarqandiy tomonidan 1361y. da koʻchirilgan nodir qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. №5558) saqlanadi.