ABULABBOS MUSTAGʻFIRIY

ABULABBOS MUSTAGʻFIRIY (toʻliq ismi: Nasafiy Samarqandiy Jaʼfar ibn Abu Ali Muhammad ibn Abu Bakr) (961—1041, Nasaf) — tarixchi, adib, muhaddis va faqih. Samʼoniyning «Kitob al-ansob» asarida yozilishicha, Abulabbos Mustagʻfiriy bir qancha vaqt Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqandda yashagan. 987-y. dan Nasaf jome masjidida maʼruzalar oʻqigan. Umrining oxirida Nasafning bosh imom-xatibi lavozimida boʻlgan. U «Kitob tarixi Samarqand», «Kitob tarixi Nasaf va Kesh» (2 jil dli k), «Kitob ushshiʼr vash-shuaro» («Sheʼr va shoirlar haqida kitob»), «Kitob ulvafo» («Vafo kitobi»), «Kitob daloil in-nubuvva» («Paygʻambarlik dalillari»), «Kitob uddaʼavot» («Targʻibotlar kitobi»), «Kitob xutab in-nabiy» («Paygʻambar xutbalari kitobi»), «Kitob tibb in-nabiy» («Paygʻambar tibbi kitobi») kabi oʻndan ziyod asarlar yozgan. Uning «Kitob tibb in-nabiy» asarigina topilib, Tehronda nashr etilgan.