ABU SHUJO ROʻZROVARDIY

ABU SHUJO ROʻZROVARDIY, Zahiruddin Muhammad ibn Husayn (1045, Ahvoz —1095, Madina) — tarixchi, davlat arbobi. Fiqh, hadis, til va tarix sohasida, xususan somoniylar tarixiga oid bir qancha asarlar yozgan. 1076-y. da xalifa Muqtadiy (1075-94) tomonidan vazirlikka tayinlangan. Uning davrida baʼzi solikdar yengillashtirilgan. U oʻz yerlarini vaqfga ajratib, masjid va madrasalar qurdirgan. Sunniylar va shialar oʻrtasidagi nizolarni bartaraf qilgan. 1091-y. saljuqiylar sultoni Malikshoh Samarqandni fath qilmoqchi boʻlganda, Abu Shujo Roʻzrovardiy janjalni tinch yoʻl bilan hal etgan.