ABU TOLIB

ABU TOLIB (Abdusalom ibn al-Husayn al-Maʼmuniy) (taxm. 950, Bagʻdod —994, Buxoro) — shoir. Xalifa llMaʼmun avlodidan. Ray va Nishopurda yashagan. 980-y. larda Buxoroga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Buxoroda zamondoshlari orasida qasida va vasf janrlarining yirik namoyandasi boʻlgan. Abu Mansur Saolibiyning «Yatimat addahr» («Zamona ahlining fazilatlari haqida yagona durdona») tazkirasining 3-bobi asosan Abu Tolibga bagʻishlangan. Asarda uning 332 baytli 96 ta vasfi hamda qasidalaridan parchalar keltirilgan. Koʻpchilik qasidalarini islom sheʼriyati ruhida, sof arab uslubida yozgan. Vasflarida oziq-ovqat, mevalar, buyum-ashyolar, tabiat hodisalari va b. tavsif qilingan.

Ad.: Oʻzbek adabiyoti tarixi, 5 jildli, 1-jild, T., 1977; Abdullayev I., Poeziya na arabskom yazыke v Sredney Azii i Xorasane X – nachala XI v., T., 1984.