ABU TAMMOM

ABU TAMMOM (taxm. 796, Damashq – 843, Mosul) — arab shoiri. Asosan qasida yozgan. Arab sheʼriyatidagi «qadimga qaytish» harakatining asoschilaridan. Abu Tammom oʻz davrida xalq ijodi asosida turli sheʼriy toʻplamlar, tazkiralar ham yaratgan. 7 ta tazkirasi maʼlum. Bizgacha «Kitob ul-hamosa» («Jasorat kitobi») va «An-Naqoid jorir va al-Axtal» («Jarir va al-Axtalning hajviyalari») asarlari yetib kelgan. Beruniy oʻz asarlarida uning sheʼrlaridan koʻplab namunalar keltirgan va sheʼr yozish uslubini tahlil qilib, «Qofiyat al-alif min al itmom fi sheʼr Abu Tammom» («Abu Tammom sheʼrlaridagi alif qofiyasi sharhi») nomli sharh yozgan.