ABU NUVOS

ABU NUVOS Abu Ali Hasan ibn Honi Hakamiy (762, Ahvoz – 813, Bagʻdod) — arab shoiri. Abbosiylar davrining buyuk shoirlaridan. Kufa madrasalarida taʼlim olgan. Sheʼrlarining goʻzalligi, purhikmatliligi jihatidan hatto Umru ul-Qaysga tenglashtirilgan. Mayparastligi tufayli el ichida «Shaʼir ul-Xamra» («Ichkilik shoiri») degan nom olgan. Hayotining asosiy qismini Bagʻdodda oʻtkazgan, xalifalar — Horun ar-Rashid, Al-Amin va Al-Maʼmun bilan juda yaqin munosabatda boʻlgan. Ijodida ishqiy va axloqiy mavzu yetakchi oʻrin tutadi. Uning «Devoni» Qohirada qayta-qayta nashr etilgan (1898).