ABU MAʼSHAR JAʼFAR

ABU MAʼSHAR JAʼFAR ibn Muhammad ibn Umar al-Balxiy (? — 886) — xurosonlik munajjim (astrolog). Oʻrta asrda Yevropada Albumasar nomi bilan mashhur boʻlgan. Bagʻdodga yaqin yerda Ali ibn Yahyo ibn Munajjimning «Aql xazinasi» deb nom olgan shaxsiy kutubxonasidan bahramand boʻlish bilan birga, uning moddiy yordamida ilmi nujumni oʻrganishga kirishgan. Abu M. J. 100-yildan koʻproq umr koʻrgan va 30 dan ortiq asar yozgan. Uning «Madxal ilo ilmi ahkom in-nujum» («Yulduz hukmi haqidagi ilmga kirish») nomli asari Yevropada keng tarqalgan. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida uning «Muxtasar dar ilmi nujum» («Yulduzlar ilmi haqida qisqacha bayon») asarining qoʻlyozma nusxasi saqlanadi. Astrologiyaga oid bu kichik asarda hafta kunlari sanalib, kunning qaysi vaqtida qaysi sayyora qayerda turishi va kunning maʼlum bir soatida qanday ishlarni boshlash mumkin va mumkin emasligi bayon etiladi. Abu M J. hadis va diniy ilmlar bilan ham shugʻullangan.