ABU BAKR KULUIY (KALAVIY) NADDOF

ABU BAKR KULUIY (KALAVIY) NADDOF (? — 1366) — hunarmand (jun tituvchilar oqsoqoli, jun tituvchi — naddof), 1365 — 66 y. larda moʻgʻul bosqinchilariga qarshi Samarqandda koʻtarilgan sarbadorlar qoʻzgʻoloni rahbarlaridan biri. Qoʻzgʻolon Moʻgʻuliston xoni Ilyosxoʻja 1365 — 66 y. larda Movarounnahrga hujum qilgan davrda boshlandi. Qoʻzgʻolon rahbari Mavlonozoda va Abu Bakr Kuluiy (Kalaviy) Naddof Samarqand amiri qochib ketgach, shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga olib, fuqaroni qurollantirganlar va moʻgʻullar hujumini qaytarganlar. Shundan soʻng sarbadorlarning bevosita ishtirokida shahar aholisini talash va zoʻravonlik boshlangan. Amir Husayn Samarqandga yurish qilib, Konigilda sarbadorlar boshliqlari ustidan sharʼiy sud jarayoni oʻtkazib, Abu Bakr Kuluiy (Kalaviy) Naddofni oʻlimga mahkum etgan.