ABU ABDULLOH ILOQIY

ABU ABDULLOH ILOQIY (asl ismi Sharafuddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Iloqiy) (? —1008) — oʻrta asrda yashagan mashhur hakim, Ibn Sinoning shogirdlaridan biri. Iloq vohasi (hoz. Toshkent viloyatining Ohangaron daryosi atrofidagi yerlar)da tugʻilgan (taxallusi shundan olingan) . Dastlabki maʼlumotni Shosh (Toshkent) madrasalaridan birida olib, soʻng oʻz bilimini takomillashtirish uchun dastlab Buxoro, keyin Urganchga borib tahsil olgan. Bu yerda u Ibn Sino bilan uchrashgan. Iloqiy tibbiyotdan tashqari falsafa va tarix bilan ham qiziqqan. «Kulliyoti tibbi Iloqiy» («Iloqiyning tabobat haqida risolalar toʻplami») asarida tibbiyot tarixiga oid maʼlumotlar berilgan.