ABSURD DRAMA

ABSURD DRAMA, absurd teatr, gʻayrimantiqiy teatr — dramaturgiyadagi oqimning shartli nomi. 50 — 60-y. larda oqim tarafdorlari inson hayoti maʼnosiz, mavhum degan nuqtayi nazarni ilgari soʻradi. Ular fikricha, inson hatto nima uchun yashayotganini ham anglab yetolmaydi, u doimo yolgʻon burch, yolgʻon axloq, yolgʻon munosabatlar qurboni boʻlaveradi. Absurd drama asoschisi va nazariyotchisi S. Bekketning «Godoning kutilishi» (1952) fojiali komediyasida Vladimir va Estragon tashlandiq yoʻlda uchrashib qolishadi, asar davomida ikkalasi ham Godoni kutib oʻtirishadi. Asarda boshqa voqea yoʻq. Godo balki boylikdir, balki baxtdir, balki oʻlimdir? Asarda bu haqda hech narsa deyilmaydi, undan chiqadigan xulosa shuki, inson hayoti ham Godoni kutish kabi yolgʻon, mavhum, maʼnisiz, umidlarga toʻla. Uzoq vaqt A. d. namoyandalari asariga quruq safsata deb qarab kelindi, biroq 70-y. larga kelib, ular davr oldiga qoʻygan muammolar dolzarb ekanligi ayon boʻldi.

Absurd drama oqimi teatr, dramaturgiyaga sahna shart degan tushunchani olib kirdi, uni nazm va nasrdagi ilgʻor anʼanalar b-n moslashtirdi, teatr, sahna haqidagi tasavvurlarni bir qadar yangiladi, unga zamonaviylik bagʻishladi.