ABSENTEIZM

ABSENTEIZM (lot. absentia — qatnashmaslik, bosh tortish) — 1) saylovchilarning vakillik organlari yoki mansabdor shaxslarni saylashda, yigʻilishlarda va h. k. da qatnashishdan bosh tortishi; aholining oʻz fuqarolik huquqlarini amalga oshirishga befarq qarashi. Absenteizm saylov tizimi nodemokratik koʻrinishiga qarshi aholi noroziligining bir shakli;

2) q. x. ni yuritishning sharti sifatida yerning oʻz egasidan ajratib qoʻyilishi. Bunda yer egasi — absenteist i. ch. jarayonida qatnashmay pul daromadi (renta yoki foyda shaklida) oladi. Bu bilan yer daromadlari q. x. ishlab chiqarishi sohasidan ajratiladi va absenteistlarning yashash manbaiga aylanib qoladi. Dehqonchilik A. i Lotin Amerikasida eng koʻp tarqalgan.