ABRUY

ABRUY (unvoni; qad. turkcha Ala, xitoycha Abo — katta maʼnosida, asl ismi — Toʻramon) (? — taxm. 585, Poykend) — kadivarlar qoʻzgʻoloni rahbari. Baʼzi tarixchilarning fikricha, turk xoqoni Mugʻon (Muqon) bilan Sugʻd kanizagidan tugʻilgan shahzoda Toʻramonning unvoni Abo xoqon (fors. Ab-ruy) boʻlgan. A. Sharqiy turk xoqonligidagi taxt uchun kurashlarda magʻlub boʻlgach, onasi, xotini, bolachaqasidan ajragancha, ozgina tarafdorlari bilan Zarafshon vohasiga qochib kelib qoʻzgʻolon koʻtargan. Buxoro aholisi Abruyni Poykend sh. hokimi etib tayinlagan. Qoʻzgʻolon bostirilgach, Abruy qiynab oʻddirilgan.