ABRAMOV MUZLIGI

ABRAMOV MUZLIGI — Olay tizmasining jan. yon bagʻridagi muzlik. Koʻksuv (Kizilsuvning irmogʻi) havzasida. Mayd. 22,8 km2, uz. 10 km. Muzlikning toʻyinish havzasi keng muz hosil boʻlish mintaqasi — sirkdan iborat. Muzlik 4960 m balandlikdan boshlanib, muzlik tili 3600 m balandlikkacha tushadi. Abramov muzligining eng qalin joyi 160 — 170 m, oʻrtacha qalinligi 110 m. Muzlik tilining harakat tezligi sutkasiga 20 — 30 sm, lekin har 10—11 y. da bir marta muzlik tilining harakati sutkasiga 2 m ga yetadi. 1972 — 73 y. larda muzlik tilining quyi qismi 625 m ga surilgan.

Abramov muzligida 19-a. oxiridan muntazam tadqiqot ishlari olib borilmoqda.