ABIDOS

ABIDOS (yun., hoz. arab. Arabat al-Madfunah) — Qadimgi Misr davlatining eng koʻhna shahri va diniy markazlaridan biri. Afsonaga koʻra, Abidosda Osiris oʻldirilgan va oʻsha yerga dafn etilgan. Oʻrta podsholik davri (mil. av. 2 – ming yillik)da yer osti dunyosi xudolari, ayniqsa Osirisga sigʻinish joyi boʻlgan. Shu munosabat bilan marhumni dafn etish, ziyorat qilish va marhumga bagʻishlangan yozuvlar bitish ayni oʻsha shaharda udumga aylanib tarqalgan. Abidosda hozirgacha nekropol va ibodatxonalar saqlangan.