ABIDJAN

ABIDJAN — Kot-dʻIvuardagi shahar (1960—83 y. larda poytaxt) va asosiy port. Abidjan departamentining maʼmuriy markazi. Gvineya qoʻltigʻi sohilida. Mayd. qariyb 20 km2. Aholisi shahar atrofi bilan 2 mln. kishi (1985), asosan afrikaliklar. Abidjan — Afrikadagi zamonaviy shaharlardan. Abidjanga 19 – a. ning 80-y. larida fransuzlar asos solgan. 1934-y. dan Fransiyaning Fil Suyagi Qirgʻogʻi mustamlakasining maʼmuriy markazi. Mamlakatning tashqi savdosi Abidjan orqali olib boriladi. A. Gʻarbiy Afrikaning eng yirik portlaridan biri, xalqaro aeroport bor. Oziq-ovqat, neftni qayta ishlash (Gʻarbiy Afrikadagi eng katta neftni qayta ishlash z-di), yengil sanoat korxonalari mavjud. Un-t, Dakardagi Qora Afrika in-tining filiali, bir necha teatr, kutubxonalar, radiostansiya, telemarkaz va b. bor.