ABZALOV Melis Oripovich

ABZALOV Melis Oripovich (1938.18.11, Toshkent) — kinorejissyor va aktyor. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1987). Toshkent davlat sanʼat in-tini tugatgan (1961). 1961—62 y. lar Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor. 1962—65 y. lar «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida rej. assistenti, keyinchalik rej. va aktyor, 1989-y. dan «Vatan» kinostudiyasining badiiy rahbari. Abzalov ijodiga komediya janridagi filmlar yaqin boʻlib, ular oʻziga xos milliy boʻyoqlarga boyligi, xarakterlarning toʻliq ochilganligi bilan ajralib turadi. Filmlarida yengil lirika oʻtkir satirik epizodlar b-n uygʻunlashib ketadi. Abzalov aktyor sifatida Abdulla («Yettinchi oʻq»), Olloyorboy («Inson qushlar ortidan boradi»), Eshon Zaynullo («Qoʻqon voqeasi»), Qorashoh («Arslonning sarguzashtlari») va b. obrazlarni yaratgan. Rej. sifatida «Chinor ostidagi duel», «Suyunchi», «Kelinlar qoʻzgʻoloni», «Armon», «Maysaraning ishi», «Koʻzlarim yoʻlingda», «Oʻtgan kunlar» kabi filmlarni ishlagan.