ABJAD

ABJAD — 1) qadimgi arab alifbosi tarkibidagi harflardan tuzilgan va har qaysi harfning son qiymatini eslab qolish uchun yasalgan sakkizta soʻzning birinchisi va shartli umumiy nomi. Bu soʻzlar: abjad, havvaz, hutti, kalaman, saʼufas, qarashat, saxxaz, zazagʻ. Aslida arab harflarining mazkur tartibi finikiya va oromiy harflaridan kelib chiqqan boʻlib, ular muayyan sonlarni ifodalaydi.

Finikiya-oromiy alifbosida 400 dan keyingi sonlarni ifoda qilish uchun tav (400) harfiga boshqa harflar qoʻshilgan. Mac, tavqof (500), tavresh (600), tavshin (700), tavtav (800), tav-tavqof (900) va h. k. Arablar esa mazkur sakkizta soʻzning oldingi oltitasini 22 harfdan iborat finikiya-oromiy alifbosi asosida tuzib, harflarning son ifodalarini 1000 ga yetkazish uchun finikiya-oromiy alifbosida boʻlmagan oltita arab harflaridan Abjadning keyingi ikki soʻzini (saxxaz, zazagʻ) yasaganlar. Harflarni sonlar bilan va sonlarni harflar bilan ifoda qilish Abjad va jimal hisobi ismlari bilan atalib, qad. vaqtlarda sonlarni, mas, koʻpaytirish jadvalini yodlashni osonlashtirgan. Bundan tashqari, Sharq, shu jumladan oʻzbek mumtoz adabiyotida biror muhim hodisaning sanasini esda tutishni osonlashtirish uchun sonlar harflar b-n ifodalangan. Oʻzbek adabiyotida Abjaddan maxfiy yozuvlar yozishda ham foydalanilgan. Oʻzbek mumtoz adabiyotida Abjad hisobi 20 – a. boshlarigacha qoʻllangan; 2) boshlangʻich, ilk maʼnosiga ham ega;

3) musiqada — Yaqin va Oʻrta Sharq musiqa ilmida tovush (parda, nagʻma)lar yozilishi va ularning nisbatlari aniqlanishida Abjad tizimidan foydalanilgan.