ABDURAHMONOVA Dilbar Gʻulomovna

ABDURAHMONOVA Dilbar Gʻulomovna (1936.1.5, Moskva) — dirijyor. Oʻzbekiston xalq artisti (1969), Gʻ. Abdurahmonovning qizi. R. Glier nomidagi musiqa maktabini (1945—55), Toshkent davlat konservatoriyasini tugatgan (1960). 1957-y. dan Navoiy teatri simfonik orkestrida skripkachi, 1960-y. dan dirijyor, 1974—1990-y. larda bosh dirijyor. Ilk bor J. Verdining «Aida» operasiga dirijyorlik qilgan. Repertuarida oʻzbek va chet el kompozitorlarining opera va baletlari mavjud. 70 – ylarda asosan, balet spektakllari dirijyori sifatida shuhrat qozondi. «Oqqush koʻli» (P. Chaykovskiy), «Boqchasaroy favvorasi» (B. Asafyev), «Jizel» (A. Adan), «Spartak» (A. Xachaturyan), «Sevgi tumori» (M. Ashrafiy), «Semurgʻ» (B. Brovsin), «Tanavor» (A. Kozlovskiy) va b. shular jumlasidan. Abdurahmonova 70 – y. larning oxiri — 80 – y. larda «Masxarabozlar» (R. Leonkavallo), «Boʻron» (S. Vasilenko, M. Ashrafiy), «Hayotbaxsh oʻlim» (A. Xolminov), «Olovli farish-ta» (S. Prokofyev), «Otello» (J. Verdi) va b. operalarni toʻliq tahrirda sahnalashtirdi. Kasbiy mahorat, musiqa dramaturgiyasini ishonarli ochib berish Abdurahmonova ijodiga xos. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).