ABDURAHMON OFTOBACHI

ABDURAHMON OFTOBACHI (taxm. 1844-1884, Orenburg) — Qoʻqon xonligida oftobachi, soʻngra parvonachi, mingboshi. Qoʻqon xonligining jan. dagi togʻli viloyatlarda yashovchi qirgʻizlar va qipchoqlarning bir qismi tomonidan Xudoyorxoning zulmiga, xususan soliq siyosatiga qarshi boshlangan qoʻzgʻolon rahbarlaridan. Ularga oʻzbek va tojiklar qoʻshilib umumxalq harakatiga aylanib ketgan (q. Poʻlatxon qoʻzgʻoloni). Xudoyorxon qoʻzgʻolonni bostirish uchun Abdurahmon oftobachi va Isa avliyo boshchiligida qoʻshin joʻnatgan, biroq ular qoʻzgʻolonchilar tomoniga oʻtgan. Qoʻzgʻolonchilar Oʻsh, Namangan, Andijon va Asakani olganlar. Xon qoʻzgʻolonni bostirish uchun Turkiston general-gubernatorligidan yordam soʻragan va uni kutmay Toshkentga qochgan. M. D. Skobelev boshchiligidagi jazo qoʻshini Qoʻqonga 1875-y. 13-iyulda yetib kelgan. Qoʻzgʻolonchilar 1873-y. dayoq Poʻlatxonni xon deb eʼlon qilganlariga qaramay Abdurahmon oftobachi Xudoyorxon qochib ketgandan soʻng taxtga Xudoyorxonning katta oʻgʻli Nasriddinbekni oʻtqazadi. Abdurahmon oftobachi qoʻzgʻolonchilar safini yangi kuchlar bilan toʻldirib, qipchoqlar va oddiy jangchilarga dahboshi, ellikboshi kabi unvonlar berib, ularni yangidan tuzilayotgan qoʻshinlarga boshliq etib tayinlagan. 1875-y. 22 avg. da Mahram jangi boʻlib, unda qoʻzgʻolonchilar yomon qurollanganliklari, harbiy mahorat yoʻqligi tufayli yengilganlar. 8—9 sent. da Abdurahmon oftobachining 5 ming kishilik lashkari M. D. Skobelev qoʻshini bilan Mingtepa qishlogʻida jang qilib magʻlubiyatga uchragan. Abdurahmon oftobachi 25 yigiti bilan Oʻzganga qochgan. Bu janglarda Poʻlatxon Abdurahmon oftobachiga yordam bermagan. Abdurahmon oftobachi va Poʻlatxonlarning oʻzaro raqobatidan foydalangan rus qoʻshinlari Qoʻqon, Margʻilon va Oʻshni jangsiz egallaydi. M. D. Skobelev Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi qipchoqlarga uzil-kesil zarba berish uchun qipchoqlarning Norin bilan Qoradaryo oraligʻidagi qishlov yeriga 1876-y. qishida harbiy ekspeditsiya uyushtirgan. Qoʻzgʻolonchilar bundan xabar topib rus qoʻshinini Andijonda kutib olganlar. 1876-y. 8 yanv. dagi jangda qoʻzgʻolonchilar yana magʻlubiyatga uchraganlar. 18 yanv. da Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi lashkar Asakada yengilib, shaharni tashlab chiqqan. 19 yanv. da Poʻlatxon sulh taklif etib Xoʻjandga K. P. Kaufman huzuriga elchilarini yuborgan. Bundan Abdurahmon oftobachini rus aygʻoqchilari ogoh etadilar. Abdurahmon oftobachi oʻz hayotini saqlab qolish va mavqega ega boʻlish ilinjida 1876-y. 20 yanv. da taslim boʻlishi haqida muzoqaralar olib borish uchun ishonchli kishilarini joʻnatgan, 24 yanv. da general M. D. Skobelev bilan shaxsan uchrashganidan soʻng oʻz safdoshlari (26 safdoshi va 400 jangchi) b-n taslim boʻlgan. Abdurahmon oftobachi oʻz tasarrufidagi qoʻzgʻolonchilarni tarqatib yuborgan, bu b-n qoʻzgʻolon magʻlubiyatga mahkum etilgan.

Ad.: Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Bobobekov H. N., Poʻlatxon qoʻzgʻoloni, T., 1996.

Haydarbek Bobobekov.