ABDURAHMON

ABDURAHMON (1844-1901.1.10) — Afgʻoniston amiri (1880—1901). Doʻstmuhammadxonning nabirasi. Taxt uchun oʻzaro nizolarda magʻlubiyatga uchragach, Turkistonga qochgan (1869). 1878—80 y. lardagi ingliz-afgʻon urushi davrida vataniga qaytib, Shim. Afgʻonistonda oʻz hokimiyatini oʻrnatgan (1880). 1880-y. 31-iyulda Zammada Afgʻoniston amiri deb tan olingan. A. Afgʻonistonning hududiy yaxlitligini saqlashga intilgan, biroq Angliyaning zoʻravonligi ostida «Dyurand chizigʻi»ni Afgʻonistonning sharqiy chegarasi deb tan olishga majbur boʻlgan (1893). Unga koʻra, koʻplab afgʻon axolisi yashaydigan hududlar Angliyaning Hindistondagi mulklari qatoriga kiritilgan. Abdurahmon ichki nizolarga barham berib, mamlakat xoʻjaligini mustahkamlashga imkon yaratgan.