ABDURAHIM TOSHTAROSH

ABDURAHIM TOSHTAROSH, asli Turdiyev Abdurahim (1870 — Nurota tumani Gʻozgʻon qishlogʻi — 1938) — mashhur toshtarosh, xalq ustasi, meʼmor. Toshdan ajoyib haykallar yasagan. Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyidagi ikki sher haykali bu mohir toshtarosh sanʼatining nodir namunasidir. Karmanadagi Sultonobod-Olchin bogʻini bezashda, soʻngra Sitorai Mohi Xosa saroyi qurilishida ishtirok etgan. Gʻozgʻondagi Shohimardon marmar masjidi (1913), Dehbaland qishlogʻidagi masjidni qurgan. Buxoro, Toshkentdagi katta binokorlik ishlarida (jumladan hoz. Oʻzbekiston FA Prezidiumi binosi) va b. ni bezashda faol qatnashgan. Marmardan uy-roʻzgʻor buyumlari, haykallar (baliq, timsoh va b.) yaratgan.