ABDURAHIM NIZORIY

ABDURAHIM NIZORIY (1770, Qashqar — 1848, Turfon) — uygʻur shoiri, xattot. Qashqar hokimi Zuhriddinbek saroyida bosh mirza boʻlgan. Qashqar, Xoʻtan, Uchturfon, Kuchor va Turfon kabi sh. larda madrasalar qurdirgan, adabiyot, sanʼatga doir asarlarni toʻplagan. Maktab va madrasalar uchun Hofiz va Navoiy asarlari asosida «Xoʻja Hofiz», «Navoiy» nomli darsliklar tuzgan (1805). Uygʻur adabiyotida birinchi boʻlib toʻqqiz doston («Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Vomiq va Uzro», «Chahor darvesh», «Mahzun va Gulniso», «Masʼud va Diloro», «Robiya va Saʼdin», «Durr un-najot», «Malika va shoh»)dan iborat «Muhabbat dostonlari» turkumini yaratgan. Har bir doston debochasida Navoiy haqida soʻzlab uning dostonlaridan namunalar keltirgan. Ijodiy merosi 20 ga yaqin doston, 80 dan ziyod muxammas (40 tachasi Navoiy gʻazallariga bogʻlangan), bir qancha qissa, qasida va b. dan iborat. U Navoiy, Umar Xayyom, Hofiz, Bedil sheʼrlarini, «Shohnoma»ni, «Ming bir kecha»ning 370 dan ortiq hikoyatini uygʻur tiliga tarjima qilgan. Navoiy kulliyotining Abdurahim Nizoriy koʻchirgan nodir nusxasi Oʻzbekiston FA Qoʻlyozmalar in-tida saqlanadi (inv. № 136).